Ommaviy oferta
NASIYAH dasturidan foydalanish yuzasidan ommaviy oferta
- Sana va joyi
- 25.02.2026 · Toshkent sh.
- Ijrochi
- "SHOMANSUROV SHOAZIM SHOAZIZ O'G'LI" YaTT
- Ro'yxat raqami: 3629602 · Shayxontohur tumani Davlat xizmatlari markazi
Mazkur oferta O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 832-moddasiga muvofiq tuzilgan bo'lib, "NASIYAH" dasturini aksept qilgan har qanday layoqatli jismoniy shaxs uchun amal qiladi.
Mazkur shartnoma "NASIYAH" dasturiy ta'minot vositasiga (keyingi o'rinlarda – dastur) egalik qiluvchi "SHOMANSUROV SHOAZIM SHOAZIZ O'G'LI" Yakka tartibdagi tadbirkor, Shayxontohur tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 3629602 ro'yxat raqami bilan tashkil etilgan (keyingi o'rinlarda – Ijrochi), dasturda oldi-sotdi shartnomasi asosida kelishuv qilayotgan taraflar o'rtasida vositachilik xizmatlari yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 832-moddasiga muvofiq xizmat ko'rsatish shartnomasini (keyingi o'rinlarda – Shartnoma) tuzish yuzasidan layoqatli bo'lgan jismoniy shaxslarga (keyingi o'rinlarda – Buyurtmachi) rasmiy taklif hisoblanadi.
Buyurtmachi tomonidan mazkur ofertada belgilangan harakatlarning bajarilishi, u tomonidan quyidagi shartlar so'zsiz qabul qilinganligini anglatadi (Ofertaning aksepti). Ofertani aksept qilgan paytdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Mazkur shartnomada to'g'ridan-to'g'ri nazarda tutilmagan barcha hollarda tomonlar O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va ish muomalasi odatlariga rioya qiladilar.
01Atama va ta'riflar
1.1. Mazkur shartnomada quyidagi atama va ta'riflar qo'llaniladi:
Bank kartasi – onlayn rejimda ishlovchi, O'zbekiston Respublikasi banki tomonidan chiqarilgan va yetkazib beruvchining to'lov servisida ro'yxatdan o'tkazilgan to'lov karta.
Shaxsga doir ma'lumotlar – servisdan foydalanish uchun foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo'lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan axborot.
Oldi-sotdi shartnomasi – Oldi-sotdi shartnomasi bo'yicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni to'lash majburiyatini oladi.
Buyurtmachi – O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 832-moddasiga muvofiq xizmat ko'rsatish shartnomasini (keyingi o'rinlarda – Shartnoma) tuzish yuzasidan layoqatli bo'lgan jismoniy shaxs.
Ijrochi – Shayxontohur tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 3629602 ro'yxat raqami bilan tashkil etilgan "SHOMANSUROV SHOAZIM SHOAZIZ O'G'LI" YaTT.
02Aksept tartibi
2.1. Mazkur Ofertaning aksepti Buyurtmachi tomonidan shartnoma bilan tanishib chiqib, maxsus dasturda tanishib chiqqanligi to'g'risida belgi qo'yilgach amalga oshiriladi.
2.2. Mazkur Shartnomani tuzish orqali buyurtmachi ijrochiga amaldagi shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq o'zining shaxsga doir ma'lumotlaridan (Familiya, ism, sharifi, JSHSHIR, Passport seriyasi va raqami, tug'ilgan yili va joyi, yashash manzili va telefon raqami) foydalanishga muddatsiz roziligini beradi, shu jumladan, ularni yig'ish, tizimlashtirish, saqlash, aniqlashtirish (yangilash, o'zgartirish), ko'chirish, foydalanish, ularni taqiqlash, ularni o'chirish va ularni yo'q qilish, avtomatizatsiya vositalaridan foydalangan yoki ulardan foydalanmagan holda, ushbu shartnomani bajarish maqsadida. Shuningdek, ushbu orqali buyurtmachi mazkur shartnoma bo'yicha ijrochiga taqdim etilgan shaxsga doir ma'lumotlarni ushbu shartnomani bajarish maqsadida uchinchi shaxslarga taqdim etishga rozilik beradi.
2.3. Ijrochi Buyurtmachining shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi amaldagi qonun hujjatlari, "Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida"gi Qonuni talablariga muvofiq barcha zarur bo'lgan choralarni ko'rishini Buyurtmachiga kafolatlaydi. Ijrochi uning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishga roziligi (shu jumladan uchinchi shaxslarga ham) muddatsiz hisoblanadi.
2.4. Xizmatdan foydalanishdan avval Buyurtmachi mazkur Ofertaning matni bilan to'liq tanishib chiqishi zarur. Ofertaning shartlari bilan to'liq yoki qisman norozi bo'lsangiz, xizmatdan foydalanishdan bosh tortishingiz zarur.
03Shartnoma predmeti
3.1. "Ijrochi" "Buyurtmachi"ning topshirig'i bilan uning shaxsga doir ma'lumotlarini maxsus dasturda ro'yxatdan o'tkazishi, "Buyurtmachi" esa maxsus dasturdan ro'yxatdan o'tgan holda sotmoqchi yoki sotib olmoqchi bo'lgan tovari, uning xususiyatlari, xarakteri, ishlab chiqarilgan yili, holati va u to'g'risida barcha kerakli ma'lumotlarni, tasvirlarni joylashtirish, ikkinchi taraf bilan esa oldi-sotdi shartnomasini kelishuvga asosan tuzish majburiyatini oladi.
3.2. Ushbu shartnomaga ko'ra "Ijrochi" tomonidan "NASIYAH" dasturi orqali ko'rsatiladigan xizmatlar: sotuvchi va sotib oluvchini axborot texnologiyalari vositasida bog'lash; bo'lib to'lash shartlari bo'yicha ma'lumot almashish imkonini yaratish; shartnoma tuzish jarayonini avtomatlashtirish; to'lov jadvalini aks ettirish; texnik va axborot xizmatlarini ko'rsatadi, axborot xavfsizligini ta'minlaydi. IJROCHI tovar (ish, xizmat) sotish, yetkazib berish yoki to'lovlarni qabul qilishda ishtirok etmaydi.
04Shartnoma narxi va hisob-kitoblar tartibi
4.1. Oferta narxi "NASIYAH" dasturida "PRO" xizmatlaridan foydalanishda belgilangan narxdagi to'lovlar asosida olib boriladi.
4.2. Oferta uchun to'lovlar 100 foiz oldindan amalga oshiriladi va qilingan to'lov faqatgina 1 kalendar oy uchun amal qiladi. To'lovning amal qilish doirasi to'lov qilingan kundan boshlab keyingi oyning xuddi shu kuniga qadar amal qiladi.
4.3. To'lov "NASIYAH" dasturi huquqiy egasi hisoblangan IJROCHIning hisob-raqamiga o'tkazish orqali amalga oshiriladi.
05Taraflarning huquq va majburiyatlari
5.1. "Ijrochi"ning huquq va majburiyatlari:
5.1.1. Sotuvchi va sotib oluvchi nizolari: Sotuvchi va Sotib oluvchi o'rtasida tuziladigan bitimlar bo'yicha: tovar sifati; yetkazib berish; to'lovlarning o'z vaqtida amalga oshirilishi; kechikishlar; jarimalar; qarzdorlik; shartnomani bekor qilish; da'volar va nizolar uchun IJROCHI javobgar hisoblanmaydi. Bunday nizolar faqat Sotuvchi va Sotib oluvchi o'rtasida mustaqil ravishda hal etiladi.
5.1.2. To'lovlar va kechikishlar bo'yicha: IJROCHI: to'lovlarning o'z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlamaydi; qarzdorlikni undirish bilan shug'ullanmaydi; penya, jarima va foizlar hisoblashda ishtirok etmaydi; to'lov majburiyatlari bo'yicha tomonlardan birining vakili hisoblanmaydi. Sotib oluvchi tomonidan to'lovlar kechiktirilgan taqdirda, IJROCHI hech qanday moliyaviy yoki huquqiy javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
5.1.3. IJROCHI sotuvchi va sotib oluvchi o'rtasidagi bitimda tomon, vositachi, kafil, agent, vakil hisoblanmaydi.
5.1.4. Ijrochi faqatgina dastur ishlashi, texnik uzilishlarni bartaraf etish, axborot xavfsizligi doirasida javobgar bo'ladi. IJROCHI Buyurtmachilarning moliyaviy yo'qotishlari uchun javobgar emas.
5.2. "Buyurtmachi"ning huquq va majburiyatlari:
5.2.1. Oldi-sotdi shartnomasi bo'yicha Sotuvchi quyidagilarga majbur: tovar haqida, uning xarakteristikasi, boshqa barcha kerakli ma'lumotlarni to'liq va ishonchli ma'lumot berish; tovarni Sotib oluvchiga yetkazib berish va uni topshirish; nizo yuzaga kelganda mustaqil javob berish.
5.2.2. Oldi-sotdi shartnomasi bo'yicha Sotib oluvchi quyidagilarga majbur: to'lovlarni belgilangan jadval asosida amalga oshirish; shartnoma shartlariga rioya qilish; to'lovlardagi kechikishlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olish.
06Taraflarning javobgarligi
6.1. Taraflarning javobgarligi O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, "Xo'jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy huquqiy bazasi to'g'risida"gi Qonuni bilan belgilanadi.
6.2. Taraflarning ushbu shartnomada nazarda tutilmagan javobgarlik choralari O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qo'llaniladi.
07Nizolarni hal etish tartibi
7.1. Ushbu shartnomani bajarish chog'ida va bajarilmasligi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan nizolar hamda kelishmovchiliklar Taraflar o'rtasidagi muzokaralar yo'li bilan hal etiladi.
7.2. Nizolarni muzokaralar yo'li bilan hal etishning imkoni bo'lmagan taqdirda Taraflar kelishmovchiliklarni sudgacha tartibga solishning amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibotini amalga oshirganlaridan so'ng ularni ko'rib chiqish va hal qilish uchun tegishlilik hamda taalluqliligiga ko'ra Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat etiladi.
08Qo'shimcha shartlar va yakunlovchi qoidalar
8.1. "Ijrochi" tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda "Buyurtmachi"ning talabiga asosan shartnoma muddatidan oldin bir tomonlama bekor qilinadi.
8.2. "Ijrochi" tomonidan shartnomani muddatidan oldin bekor qilish yozma ravishda murojaat etish yo'li bilan amalga oshiriladi. Bunda shartnoma bo'yicha majburiyatlar lozim darajada bajarilgan yohud majburiyatlar bajarilmagan bo'lsa, uning bajarib bo'lmaslik sabablari ko'rsatilishi shart. Shartnomani muddatidan oldin bekor qilish sabablari Taraflar ishtirokida ko'rib chiqiladi va tegishli tartibda rasmiylashtiriladi.
8.3. Ushbu shartnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin taraflar o'rtasidagi majburiyatlarning bajarilishi o'z-o'zidan to'xtatiladi. Bunda taraflarning yozma ravishdagi roziliklar talab etilmaydi.
8.4. Ushbu xizmat ko'rsatish to'g'risidagi shartnoma fuqaroviy-huquqiy tusdagi shartnoma hisoblanib, uning bajarilishi tartibi Mehnat kodeksi va qonunchiligidagi normalarga, shuningdek, munosabatlarga tadbiq etilmaydi.
Ijrochi rekvizitlari
- Tashkilot
- "SHOMANSUROV SHOAZIM SHOAZIZ O'G'LI" YaTT
- Ro'yxat raqami
- 3629602
- Ro'yxatga olgan organ
- Shayxontohur tumani Davlat xizmatlari markazi
- Platforma
- NASIYAH — axborot-texnik vositachi
✓ Elektron aksept — dasturda belgi qo'yish orqali tasdiqlangan. Aksept amalga oshirilgan paytdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi · O'zR FK 832-modda.